Barcha fleshkalar haqida

    08:49 24 Июль 2017  Сиз учун фойдали 1778

    USB fleshkalari

    USB fleshkalar asosan biron-bir ma’lumotni ma’lum muddat ichida boshqa joyga ko‘chirish uchun ishlatiladigan qurilma hisoblanadi. Ularda ma’lumotlaringizni uzoq vaqt saqlash uchun foydalanish noto‘g‘ridir. Agar shunday niyatingiz bo‘lsa, bu fleshkangizni kerakli ma’lumotlarni yuklaganingizdan so‘ng, ishlatmay, saqlab qo‘yganingiz ma’qul. Chunki agar siz bu fleshkangizni ishlatishda davom etsangiz, bir kun kelib sizning ma’lumotlaringizga ziyon yetishi yoki flesh kartani formatlashga to‘g‘ri kelib qolishi mumkin.

    USB fleshka turlari

    USB 1.0 - axborotni uzatish tezligi 1,5 mbit/s.dan 12 mbit/s.;

    USB 1.1 - avvalgisiga qaraganda sezilarli darajada yaxshi ko‘rsatkichga ega;

    USB 2.0 - axborotni uzatish tezligi 25 dan 480 mbit/s.;

    USB 3.0 - axborotni uzatish tezligi 5 gbit/s.;

    USB 3.1 / type-s 9 gbit/s.dan yuqori.

    Fleshkani tanlash

    Bu ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, fleshkani sotib olishda USB 3.0 yoki USB 3.1 ni tanlash maqsadga muvofiq. Hozirgi ishlab chiqarilayotgan kompyuterlarda USB 3.0 razyom mavjud. Ular odatda ko‘k rangda bo‘ladi. Agar sizning kompyuteringizda USB 3.0 bo‘lmagan taqdirda ham USB 3.0 yoki USB 3.1 fleshkalarini tanlaganingiz maqsadga muvofiq bo‘ladi. Chunki ular oldingi fleshkalarga nisbatan uzoq muddat xizmat qiladi. Fleshkalarni tanlashda firma nomi mavjud bo‘lmagan fleshkalarni olmang.

    Fleshkalarni hotirasiga qarab tanlashingiz ham muhim. Buning uchun sizga fleshka qanday maqsadda kerak ekanligini bilishingiz kerak. Fleshkalar hozirgi kunda 2 gb.dan 512 gb.gacha ishlab chiqarilmoqda. Agar siz kichik hajmdagi fayllar, yani hujjatlar bilan ishlaydigan bo‘lsangiz sizga 4-8 gb.li fleshkalar kifoya qiladi. Agar video fayllarni ko‘p ishlatadigan bo‘lsangiz, 32-128 gb.li fleshkani ishlatganingiz ma’qul.

    Fleshkadagi ma’lumotlar ko‘rinmay qolsa

    Fleshkadagi ma’lumotlarning yo‘qolib ketishiga ko‘plab omillar sabab bo‘lishi mumkin. Dastlabki sabab kompyuteringizda zararli dasturlarga qarshi himoya dasturlari mavjud bo‘lmasligidir. Bunda ushbu zararli dasturlar fleshkangiz ichidagi ma’lumotlarni yashirin holatga keltirib qo‘yadi. Buni fayl menedjerlari yordamida ko‘rinadigan holatga keltirib ochib olishingiz mumkin. Lekin kompyuteringizga himoya dasturlari o‘rnatib, uni tozalab olishingiz lozim. Shundan keyingina fleshkangizdagi ma’lumotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ochib ko‘rish imkoniga ega bo‘lasiz.

    Ko‘pchilik kompyuter foydalanuvchilari fleshkadan foydalanganda, uni kompyuterdan havfsiz sug‘irib olishga e’tibor bermaydilar. Bu ham fleshkadagi ayrim ma’lumotlar yo‘qolishiga yoki fleshkaning shikastlanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Yana bir omil fleshkani televizor yoki avtomobilga ulagandan keyin ajratib olayotganda ular o‘chirilgan holatda bo‘lishiga e’tibor bering. Chunki ular ishlab turgan paytda xavfsiz chiqarib olishning iloji yo‘q. Bunday paytda odatda fleshkalarning hajmi 0 mb. hajmga ega bo‘lib qoladi.

    N. MAMATQULOVA,

    Namangan yuridik kolleji informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchisi.