Hayoti va ijodi avlodlarga ibrat

    06:19 27 Февраль 2019  Дарс ишланма 52

    Mustaqilligimizning dastlabki kunlaridanoq ajdodlarimiz tomonidan ko‘p asrlar mobaynida yaratilgan ulkan, bebaho ma’naviy va madaniy merosni tiklash, o‘rganish, ulardan xalqni bahramand qilish muhim vazifa bo‘lib qoldi. Xalqimiz siyosiy mustaqillik va ozodlikni qo‘lga kiritgach, o‘z taqdirining chinakam egasi, o‘z tarixining ijodkori, o‘ziga xos milliy madaniyatining sohibiga aylandi. Bu borada namanganlik shoirlar ijodini o‘rganish, asarlarini nashrga tayyorlash ham mustaqillik tufayli erishilgan imkoniyatlar samarasidir.

    O‘tmish adabiyotimiz tarixida XIX asr oxiri XX asr boshlaridagi davr o‘ziga xos ijtimoiy ziddiyatlarga boyligi, murakkabligi bilan ajralib turadi. XX asr boshlarida yashab ijod etgan shoirlarimiz o‘ziga xos fidoiylik bilan qalam tebratishgan. Chunki bu davr ijodkorlari o‘zbek xalqining erki va qadr-qimmatini saqlagan holda ilm-ma’rifatni yuksaltirish orqali yurt kelajagini yaratish orzusida hayotlarini xatarga qo‘yib bo‘lsa-da, istiqlol uchun kurashga chaqirishgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tishdi. Bu davrda Namangan adabiy harakatchilik namoyandalari o‘z asarlarida ma’rifatni yuksaltirishga munosib hissa qo‘shdilar.

    Is’hoqxon Ibrat 1862 yil 21 mart kuni Namangan shahrining To‘raqo‘rg‘on tumanida ziyoli oilada tavallud topgan. Otasi Junaydullaxo‘ja Sunnatillaxo‘ja o‘g‘li ilmli, shoir kishi bo‘lib, “Xodim” taxallusi bilan she’rlar yozgan. Onasi Huribibi ham zamonasining o‘qimishli ayollaridan bo‘lib, qishloq qizlarini o‘qish va yozishga, husnixatga o‘rgatgan, she’rlar yozgan. Ibrat dastlabki saboqni onasi Huribibidan oladi. Ibratning otasi turkistonlik mashhur mutasavvif Xoja Ahmad Yassaviy avlodidan bo‘lib, ancha bilimli, sohibkor bog‘bonlardan edi.

    Ibrat 1878-1886 yillarda Qo‘qondagi Muhammad Siddiq Tunqator madrasasida tahsil oladi. U erda Qo‘qon adabiy muhiti namoyandalari Muqimiy, Furqat va Zavqiylar bilan do‘stlashadi, ularning ijodidan bahramand bo‘lish maqsadida adabiy kechalarda ishtirok etadi. Shoir Qo‘qonda arab, fors tillarini mukammal o‘rganadi. Tarix, tilshunoslik fanlari bilan jiddiy shug‘ullanadi. 1886 yilda o‘z qishlog‘iga qaytib kelib, qishloqda ilg‘or maorifchi sifatida maktab ochadi, lekin bu maktab general-gubernatorlik amaldorlari tomonidan yopib qo‘yiladi.

    Is’hoqxon Ibrat 1887 yilda uzoq chet el safariga otlanadi. Turkiya, Eron, Misr va Arabistonga boradi.

    Is’hoqxon Ibrat onasining vafot yili hijriy 1309, melodiy 1891 yilga to‘g‘ri keladi. Ibrat onasini Jidda shahriga dafn etib, o‘zi Makka shahridan Qizil dengiz va Hind okeani orqali Hindistonga keladi. 1892-1896 yillarda Ibrat Hindiston va Kalkuttada yashaydi. Ibrat rus tilini va bu erda ko‘p ishlatiladigan arbailisonni, ya’ni to‘rt tilni: arab, fors, hind-urdu va ingliz tillarini mukammal o‘rganadi. Sharq tillari bilan bir qatorda G‘arb tillarini ham bilish zarur deb hisoblagan Ibrat Arabistonda fransuz tilini, Hindistonda esa ingliz tilini, shu bilan birga, eng qadimiy finikiya, yahudiy, suriya, yunon yozuvlarini o‘rganganligi haqidagi ma’lumotlarni o‘zining “Jome’ul xutut” asarida qayd etib o‘tgan. Is’hoqxon Ibrat chet ellarda xalq hayoti, ularning madaniyati, san’ati bilan yaqindan tanishadi, ilmiy asarlari uchun qimmatli manbalar to‘playdi.

    Ibrat chet ellarda fozil kishilar, olimlar bilan ham do‘stlashadi. Is’hoqxon Ibrat 1896 yilda Hindistondan Birma orqali Xitoyga, so‘ngra Qashqarga o‘tadi va Qashqardan o‘z vatani Namanganga qaytib keladi. To‘raqo‘rg‘onga chet o‘lkalarda yaratilgan fan-texnika yangiliklaridan olib keladi. Grammafon, sovitgich (xolodilnik), kinoapparat, fotoapparat keltiradi. Har bir olib kelingan madaniyat ashyolari o‘ziga xos qimmatga ega, masalan, Hindistondan olib kelingan “Santur” nomli musiqa asbobi grammafondan ancha ilgari yaratilgan bo‘lib, grammafon singari ruchka bilan tanobi aylantirilgan. Uning 40 santimetrli o‘qi bo‘lib, unda mingdan ortiq mayda ninachalari bor. O‘q aylanganda ninachalar dumaloq diskaga uriladi va 12 ta musiqa asari birin-ketin ijro etiladi.

    1908 yilda Ibrat yana bir xayrli ishga qo‘l uradi. Orenburgdan Gaufman degan matbaachidan pulini 10 yil mobaynida to‘lash sharti bilan litografik mashina sotib oladi. Is’hoqxon litografiya anjomlarini katta mashaqqat bilan Qo‘qongacha poezdda, Qo‘qondan To‘raqo‘rg‘onga tuyalarda olib keladi. 1908 yilda o‘zi qurdirgan hammom o‘rnida chopxona tashkil qiladi va uni “Matbaai Is’hoqiya” nomi bilan ishga tushiradi. Bu matbaada turli kitoblar, savod chiqarishga oid risolalar, darsliklar, plakatlar, tabriknomalar muntazam nashr etib turilgan. Ibratning husnixatga, xat-savod chiqarishga bag‘ishlangan “San’ati Ibrat, qalami Mirrajab Bandiy” risolasi, “Ilmi Ibrat” nomli she’rlar to‘plami, yozuvlar tarixiga bag‘ishlangan “Jome’ ul-xutut” kabi ma’rifatparvarlik ruhi bilan sug‘orilgan risola va kitoblari ham o‘zi tashkil etgan matbaada nashr etiladi. “Matbaai Is’hoqiya”ning ilm-ma’rifat tarqatish maqsadida tashkil qilinganligini yana shundan ham bilishimiz mumkinki, Is’hoqxon matbaaga nur taratayotgan quyoshning tasvirini ishlab, quyosh ichiga “ilm” so‘zini yozgan. Bu bilan Ibrat ilmni nur sochayotgan quyoshga o‘xshatadi. Bu ramziy tasvir mazkur matbaada chop etilgan barcha kitoblarda mavjud.

    Xalq orasida kitob va turli risolalarga talabning ortishi natijasida litografiya 1910 yilda Namangan shahriga ko‘chirildi va tipolitografiyaga aylantirildi. Namangandagi hozirgi Is’hoqxon Ibrat nomidagi matbaa-bosmaxona “Matbaai Is’hoqiya” asosida tashkil topgan. Ma’rifatparvar shoir Is’hoqxon Ibrat 1913 yil o‘z uyida anchagina boy kutubxona tashkil qiladi va uni “Kutubxonai Is’hoqiya” deb ataydi. Kutubxonadagi 50 dan ortiq darslik va qo‘llanmalar hamda ta’lim-tarbiya va o‘qitishga oid o‘zbek, rus, turk, tatar, fors-tojik tillaridagi ko‘plab kitoblardan nafaqat Ibratning o‘zi, balki butun qishloq aholisi unumli foydalangan.

    Kutubxonaning maktab o‘quvchilariga bag‘ishlangan qismida Saidrasul Saidazizovning “Ustodi avval”, Abdulla Avloniyning “Birinchi muallim”, “Ikkinchi muallim”, “Turkiy guliston yoxud axloq” kabi kitoblari mavjud bo‘lgan. Adabiyotshunos olim Ulug‘bek Dolimov ma’lumotiga ko‘ra, O‘zFAShI Qo‘lyozmalar fondida saqlanuvchi Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asarining Namangan nusxasi deb nom olgan nodir qo‘lyozmasi “Kutubxonai Is’hoqiya”ga mansub bo‘lgan. “Kutubxonai Is’hoqiya”dagi kitoblar sonining ortib borishida “Matbaai Is’hoqiya”ning o‘rni katta edi. Bu matbaada chop etilgan kitoblarning deyarli hammasidan bir necha nusxa “Kutubxonai Ishoqiya”ga topshirilar edi. Kutubxonada o‘sha davrda chop etiladigan turli gazeta va jurnallar ham bo‘lgan.

    Afsuski, bu kutubxonadagi ko‘plab nodir kitoblar 1918-1920 yillar hamda 1937 yildagi qatag‘on davrida yo‘q qilingan.

    Ibrat o‘zining 1926 yilda yaratgan “Tarixi madaniyat” asarida keyingi 20 yil ichida 14 ta ilmiy-tarixiy, lingvistik asarlar va 30 yillik nazmiy ijodining majmui bo‘lmish “Devoni Ibrat” she’rlar to‘plamini yaratgani haqidagi ma’lumotni yozib qoldirgan. Jumladan, “... yangi asarlardan millat va maktabga foydaliklari, chunonchi, birinchi “Tarixi Farg‘onai umroni” nasriy, ikkinchi “Tarixi hurriyat” nazm, uchinchi “Mezon uz-zamon”, to‘rtinchi “Lug‘ati sitta al-sina”, beshinchi “Jome’ ul-xutut”, oltinchi “Qo‘rboshilar zamoni”, ettinchi shul kitob “Tarixi madaniyat”, bular hammasi milliy kitoblar. Ammoki, sakkizinchi “Devoni Ibrat” nomli g‘azaliyot bahr qilgan, o‘ttiz yil ichinda jam bo‘lgan tarix she’rlardurki, munda ko‘bi tarixlar va milliy qasidalar va axloqiy tanqidlar, boshimizdan o‘tgan hodisalarni jam bir g‘azaliyot kitobdurki, bu hali bosma bo‘lmagan, intishor etilmagandur. To‘qqizinchi mundin keyin “Gulshani roz”ni turkiy nazmi, o‘ninchi “Mushkulot ul-g‘aroyib” degan, o‘n birinchi “Muzabzab” degan, o‘n ikkinchi “Turkistonda turli mashaqqatlar”, o‘n uchinchi “Barzah” degan asarlarimiz inqilob davrida ta’lif bo‘ldi (yo‘qoldi). Hozirda “Tazkirai suvaydo” degan arabiy tib kitobni turkiy qilmoqqa ishtig‘oldaman. Umr musoada qilsa, ammoki “Tarjimai holim” tayyor bo‘lgan. Bu yaxshi tarixi sayohatnoma Afg‘oniston, Hindiston, Arabiston sayohatlaridur.

    Ibratning adabiy va ilmiy faoliyati dastlab, 50-yillarning o‘rtalarida Aziz Tursun va Alixon Xalilbekovlar tomonidan o‘rganila boshlandi. So‘ngra filolog olimlarimizdan G‘ulom Karimov, Olim Usmon, ayniqsa, adibning hayoti va faoliyatini o‘rganish va tadqiq qilishda Ulug‘bek Dolimovning xizmatlari beqiyos bo‘ldi. Ulug‘bek Dolimov Ibrat haqidagi tadqiqoti natijalarini matbuotda berib bordi va fan nomzodligi uchun dissertatsiya himoya qildi. 1982 yilda nashr etilgan “Asrlar nidosi” majmuasida shoirning olti she’ri berildi. “O‘zbek adabiyoti tarixi” (uchinchi kitob), “O‘zbek adabiyoti tarixi” besh jildligining beshinchi kitobida ham adib faoliyati haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tiladi. O‘zbek ziyolilari istiqlol, mustaqillik tufayligina Ibrat haqidagi bor haqiqatni aytishga, uning asarlarini xalqning ma’naviy mulkiga aylantirish imkoniyatidan o‘rinli foydalanishga ega bo‘lishdi. Bunday imkoniyatlar natijasida 1991 yil Ibratning “Farg‘ona tarixi” asari Haydarbek Bobobekov va Mahmud Hasaniylar tomonidan nashr ettirildi. So‘ngra Ibratning ijtimoiy va ilmiy faoliyati haqida filologiya fanlari nomzodi, dotsent Alixon Xalilbekovning Namangan adiblari haqidagi “Namangan adabiy muhiti” (1998 yil) nomli kitobi hamda adabiyotshunos olim Ulug‘bek Dolimovning “Istiqlol qahramonlari” rukni ostida chop ettirgan “Ibrat”(1999 yil) nomli kitobida mavjud manbaalarga asoslangan mukammal ma’lumotlar berildi. 2004 yil chop etilgan oliy o‘quv yurtlarining filologiya fakulteti talabalari uchun mo‘ljallangan “Milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti” darsligida ham Ibratning adabiy merosi Ulug‘bek Dolimov tomonidan chuqur tahlil etildi. Ibratning “Tanlangan asarlar”i 2005 yil Ulug‘bek Dolimov, Nurboy Jabborovlar tomonidan nashrga tayyorlandi;

    “Jome’ ul-xutut”da keltirilgan sanskrit, qadimiy finikiy, yunon, qadimiy kufiy, qadimiy yahudiy va slavyan yozuvlarining foto namunalari ham ilova etilgan. So‘ngra Is’hoqxon Ibratning lirik merosi, ya’ni 24 ta g‘azal, 1 ta manzuma, 1 ta murabba’, 1 ta muxammas, 1 ta musaddas va 2 ta masnaviysi berilgan. Kitobda Ishoqxon Ibratning “Tarixi Farg‘ona”, “Mezon uz-zamon” asarlari hamda XX asr boshlaridagi gazetalarda chop etilgan 8 ta ilmiy-ma’rifiy maqolasi va birinchi o‘zbek fotografi, shoir, publitsist, ma’rifatparvar Mira’zam Ibrohim o‘g‘li - Ibrohim Davron (1874-1922) qalamiga mansub Is’hoqxon Ibratning hayoti va ijodi, ma’rifatparvarlik faoliyati to‘g‘risida qimmatli ma’lumotlar bayon etgan “Haq so‘z” maqolasi berilgan. Ishoqxon Ibratning “Tarixi Farg‘ona” asari O‘zFAShI Qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan Inoyatxon To‘raqo‘rg‘oniy qalami bilan ko‘chirilgan nusxa asosida nashrga tayyorlangan. “Mezon uz-zamon” asari esa O‘zFAShI Qo‘lyozmalar fondi inv. №11618 raqami bilan saqlanayotgan adibning fanga ma’lum bo‘lgan yagona qo‘lyozmasi asosida nashrga tayyorlangan.

    Ibratning ibratli hayot yo‘li haqidagi qimmatli ma’lumotlarni shoirning birinchi she’rlar to‘plami “Ilmi Ibrat” va tilshunoslikka oid “San’ati Ibrat, qalami Mirrajab Bandiy”, “Lug‘ati sitta al-sina”, “Jome’ ul xutut” kabi ilmiy-pedagogik hamda “Tarixi Farg‘ona”, “Tarixi madaniyat”, “Mezon ul-zamon” kabi tarixiy asarlarida uchratish mumkin.

    1908-yilda o‘zbek va rus tillarida chop etilgan Turkistonning ilk gazetalari, ya’ni “Turkestanskie vedomosti”, “Turkiston viloyatining gazetasi”da ham ma’rifatparvar shoir, maorifchi Ibrohim Davronning Ibrat haqidagi qarashlari bayon etilgan. “Turkiston viloyatining gazetasi”, “Sadoi Turkiston”, “Sadoi Farg‘ona” kabi gazetalardagi dunyoviy ilm-fan, ma’rifatparvarlik g‘oyalari aks etgan hamda ilg‘or madaniyat va chet tillarini o‘rganishni targ‘ib etib yozilgan Ibratning 45 dan ortiq maqolalarini o‘qib, adibning dunyoqarashi kengligi, Vatan, xalq manfaati va istiqloli yo‘lida jonini fido qilishga tayyor turgan birinchi o‘zbek publitsistlaridan biri bo‘lganini his etish mumkin.

    Xullas, o‘zbek adabiyoti tarixini chuqur o‘rganish maqsadida mustaqillik yillarining ilk kunlaridanoq ajdodlarimizning nodir asarlari yuzasidan ilmiy izlanishlar olib borish hamda o‘tmish shoirlarimiz hayoti va ijodini haqqoniy tadqiq etish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu borada namanganlik shoir Is’hoqxon Ibrat ijodini o‘rganish, qo‘lyozma asarlarini nashrga tayyorlash mustaqillik tufayli erishilgan imkoniyatlar samarasi bo‘ldi. Is’hoqxon Ibrat taraqqiyparvar ziyoli, atoqli ma’rifatparvar shoir, xattot, jonkuyar muallim, sayyoh, tilshunos va tarixshunos olim, o‘zbek matbaachiligining asoschisi, noshir, publitsist, bir so‘z bilan aytganda, serqirra faoliyat egasi. Yuqorida nomi sanab o‘tilgan asarlar va XX asr boshlarida chop etilgan gazeta, jurnallar Is’hoqxon Ibratning hayot yo‘li, adabiy hamda ilmiy-nazariy qarashlarini o‘rganishda muhim manbaa hisoblanadi.

    O‘z jonini yurt istiqboli yo‘lida fido qilishga qodir ma’rifatli, ziyoli vatandoshlarimiz qatori Ibrat ham 1937-yilning ilk bahorida qamoqqa olinadi. O‘zbek ziyolilari yostig‘ini quritgan qatag‘onning eng dahshatli kezlari, ya’ni 1937-yilda butun umrini o‘z xalqining ma’rifati, istiqboli uchun baxsh etgan 75 yoshli nuroniy shoir Andijon turmasidagi jismoniy, ruhiy azoblarga bardosh bera olmaydi va turmada ikki oy yotib, hayotdan ko‘z yumadi. Qatag‘on qurboni bo‘lgan ziyolilarimiz qatorida Is’hoqxon Ibrat ham 1959-yilda oqlanadi.

    Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan o‘zbek xalqining taraqqiy etishida fidoyilik ko‘rsatgan hamyurtimiz Is’hoqxon Ibratning ezgu ishlarini davom ettirish yo‘lida boshlangan tashabbus tarixiy va tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘ldi. Namangan viloyati hokimi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlisi Senati a’zosi Xayrulla Bozаrov 2018 yil 9-sentyabrda “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “To‘raqo‘rg‘on tumanida Is’hoqxon Ibrat nomidagi xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatni tashkil etish to‘g‘risida” 2017-yil 5-sentyabrdagi 698-sonli qarori ijrosi haqida”gi 649-sonli qarorni imzoladi.

    Mazkur Qarorga muvofiq, Is’hoqxon Ibrat majmuasi tarkibidagi Is’hoqxon Ibrat nomidagi xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab hamda Is’hoqxon Ibrat muzeyi Namangan Davlat universiteti tasarrufiga o‘tkazilib, maktab-internat qoshida Ibrat domla yaxshi bilgan ettita xorijiy tilni o‘rgatish markazi tashkil etildi. Bu maskanda ta’lim olgan yosh avlod Is’hoqxon Ibratning munosib vorislari bo‘lib voyaga etadi, uning sharafli ishini davom ettiradi. Vatanparvar, ma’rifatparvar, fidoyi shoir Is’hoqxon Ibratning barchamizga ibrat bo‘la oladigan umr yo‘llari xalqimiz xotirasida mangu yashaydi.

    Munojot AKRAMOVA,

    To‘raqo‘rg‘on sanoat va transport kasb-hunar kolleji o‘qituvchisi.