Chaqiruvga qadar boshlang'ich tayyorgarlik fani uchun kerakli o'quv-moddiy bazalar

    04:11 03 Сентябрь 2018  Ўқитувчига ёрдам 2600

    Harbiy xona

    “Yoshlarni chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik” fani bo‘yicha o‘quv xonasi ushbu fanni o‘tishda muhim baza hisoblanadi. Chunki mazkur fanning dastlabki to‘rt bo‘limidagi barcha nazariy darslar ushbu xonada olib boriladi. Shu bilan birga bu xona “Harbiy ish asoslari”, “Otish tayyorgarligi”, “Jismoniy tayyorgarlik” hamda “Harbiy xizmat asoslari” bo‘limlari bo‘yicha ko‘rgazmali qurollar va boshqa texnik vositalar orqali shu sohadagi video hamda diafilmlari namoyish etiladigan joy hisoblanadi. Shuningdek, u yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda darsdan tashqari o‘tkaziladigan tadbirlar joyi hamdir.

     

    Fuqaro muhofazasi xonasi

    “Yoshlarni chaqiruvga qadar boshlang’ich tayyorgarlik” fani bo‘yicha yana bir o‘quv – “Fuqaro muhofazasi” xonasi ushbu fanning o‘tilishida muhim baza hisoblanadi. Chunki mazkur “Fuqaro muhofazasi” xonasi shu bo‘limdagi barcha nazariy darslar o‘tish joyidir. Shu bilan birga bu xona “Fuqaro muhofazasi” bo‘limi bo‘yicha ko‘rgazmali qurollar va boshqa texnik vositalar orqali shu sohadagi video hamda diafilmlari namoyish etiladigan xona hamdir.

    Bu xonada yoshlarni “Fuqaro muhofazasi” bo‘yicha favqulodda vaziyatlar yuz berganda yoshlarning ruhiy mustahkamligini oshirishda darsdan tashqari tashkil etilgan to‘garaklar o‘tkaziladi.

     

    To‘siqlar yo‘lagi

    To‘siqlar yo‘lagi “Yoshlarni chaqiruvga qadar boshlang’ich tayyorgarlik” fani bo‘yicha qo‘yilgan talablarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan o‘quv-moddiy bazasi hisoblanadi. Yangi o‘quv dasturiga binoan yugurish yo‘lagi muhim kompleks mashqlarni o‘z ichiga oladi, to‘siqlar yo‘lagi uzunligi 400 metrni tashkil etadi. Oldingi dastur talablarida esa bu uzunlik 200 metrni tashkil etgan.

     

    Saf tayyorgarligi bo‘yicha o‘quv maydonchasi

    Mazkur maydoncha o‘quv yurti hududida jihozlanadi. U tekis, shu bilan bir qatorda, yomg‘ir va qor suvlari oqib ketadigan darajada nishab holatda bo‘ladi, asfalt yoki beton bilan qoplanadi. Maydoncha peremetri bo‘ylab har 70-80 sm. oralab chizilgan chiziq safda yurishni puxta o‘rganish, aylanalar esa safda qadni tik tutishni va joyda burilishni puxta egallash uchun mo‘ljallangan. Aylananing 4 qismga bo‘linishi mashg‘ulotni o‘tkazuvchiga, joyda burilgandan so‘ng oyoqlar to‘g‘ri qo‘yilganini nazorat qilish imkonini beradi. Katta kvadratlar harakat paytida burilishlarni puxta o‘rganish imkonini beradi.

    Maydoncha atrofida 170x70 sm o‘lchamdagi shitlar o‘rnatiladi. Ularda asosiy safda yurish usullari: qurol va qurolsiz safda qomatni tik tutish, joyda va harakatda burilishlar, safda yurish qadami bilan harakat qilish, joyda va harakatda harbiycha salomlashish tasvirlanadi.

    Saf tortish tayyorgarligi mashg‘ulotlarni o‘tkazish maydonchasi bir guruh o‘quvchilar bilan mashg‘ulot o‘tkazishga mo‘ljallangan.

     

    Otish tiri

    O‘q otish tiri ochiq, yarim ochiq, yopiq, shuningdek, temir-beton yoki metal quvurlar va boshqalardan foydalangan holda soddalashtirilgan bo‘lishi mumkin. 25 metr uzunlikdagi soddalashtirilgan tirlar amaliyotda eng xavfsizdir. Tirni loyihalash, qurish va foydalanishda, birinchi navbatda, xavfsizlik choralari bo‘yicha talablarni hisobga olish zarur.

    Ushbu talablarga quyidagilar kiradi: o‘q otish hududida odamlar va hayvonlar xavfsizligini ta’minlash uchun o‘qituvchi va ushlab qoluvchi qurilmalarni o‘rnatish, o‘qituvchilarni tayyorlash uchun maxsus xonani jihozlash, o‘q otishning dastlabki vaziyati va chizig‘ini aniq-ravshan belgilash va hokazo.

    Yoqubjon QORIYEV,

    Uychi qishloq ho‘jalik kasb-hunar kolleji ChQBT rahbari.