Abdulla Qodiriy shoir bo'lganmi?..

    08:30 25 Декабрь 2018  Ўқитувчига ёрдам 32

    XX asr o‘zbek adabiyotining atoqli vakili Abdulla Qodiriy yetuk nosir, o‘tkir hajvgo‘y sifatida tanilgan. Uning “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” romanlari, “Toshpo‘lat tajang nima deydi?”, “Kalvak mahzumning xotira daftaridan” nomli hajviy hikoyalari adib ijodining salmog‘ini oshirgan. Ammo Qodiriy nafaqat nosir, balki yaxshigina shoir bo‘lgani ko‘pchilikka noma’lum.

    Adib ijod olamiga kirar ekan, barcha ijodkorlarda bo‘lgani kabi, dastavval she’rlar yozdi. Uning “To‘y”, “Ahvolimiz”, “Fikr aylagil”, “Millatimga bir qaror” kabi ma’rifatparvarlik, millatparvarlik ruhida yozilgan she’rlari, “Pildir-pis” nomli hajviyalari ham bor. Adibning “Qodiriy”, “Julqunboy”, “Ovsar”, “Dumbul”, “Dumbulnisa” kabi ko‘plab taxalluslar bilan ijod qilganligi ham ma’lum.

    Qodiriy she’rlarida, asosan, zamonda hukm surayotgan zo‘ravonlik, ma’rifatsizlik, insonlar o‘rtasidagi jaholatga qarshi kurash, yorug‘ kunlarga yetishish yo‘lida ijtihod etish kabi mavzular qalamga olingan. Jumladan, “Ahvolimiz” she’rida shoir shunday yozadi:

    Ko‘r bizning ahvolimiz, g‘aflatda qanday yotamiz,

    Joyi kelgan chog‘ida vijdonni pulga sotamiz.

    O‘g‘limizga na adab, na fan, na yaxshi so‘ylamak,

    Na xudoning buyrug‘i bo‘lg‘on ilumni o‘rgatamiz.

    Xalqning yorqin istiqbolga erishishi, o‘z taqdirini o‘zi belgilashi kabi maslak yo‘lida jonini tikkan adib o‘z vatandoshlarining loqaydligi, vijdonni sariq chaqaga sotishi, eng achinarlisi, ma’rifatdan, o‘qish-o‘rganishdan umuman yiroqligidan kuyunadi.

    Millat tanazzul yoqasida turgan bir paytda bedana sayratib, aziz umrini behuda o‘tkazayotgan, bachcha o‘ynab, tuban ishlar bilan kun kechirayotgan millatdoshlari holati taraqqiyparvar ijodkor qalbini bezovta qilmasdan qoldirmas edi. Lekin…

    O‘zbek adabiyotining yana bir yirik vakili Abdulla Avloniyning “Advokatlik osonmi?” dramasida bosh qahramon Davronbekning shunday so‘zlari bor: “Endi ochuq manga ma’lum bo‘ldiki, umuman xalq orasinda ilm va ma’rifat tomir yoyub, madaniyat taraqqiy qilmag’uncha manga o‘xshash bir-ikki odam xalq orasida ishlab, xalqni ko‘zin ochamiz, huquqin mudofaa qilamiz, demak, yerdan turub yulduzlarg’a qo‘l uzatmoqg’a o‘xshash xayoliy bir nimarsa ekanlig’i emdi ochiq va aniq ma’lum bo‘ldi”.

    Xuddi shuningdek, istiqlol uchun boridan kechgan insonlar jonfidolik bilan harakat qilib turgan bir paytda odamlarning bee’tiborligi, faqat o‘z huzurini o‘ylashi achinarli hol edi, albatta.

    Eng ta’sirli jihati, she’rning keyingi misralarida shoir o‘z taqdirini oldindan “bashorat” qilgandek bo‘ladi:

    O‘rtadan chiqsa agar millatni yaxshi suyguvchi,

    Biz ani dahriy sanab, to‘fangcha birla otamiz.

    Biz ham qanchadan-qancha millatparvarlarni “dahriy sanab”, qatli om qilganimizga tarixning o‘zi guvoh.

    Xuddi shunday holat “Fikr aylagil” she’rining ham mazmunini tashkil qiladi. Adib atrofidagi insonlarni ta’riflar ekan, ularning qilayotgan amallaridan noroziligini yashirmaydi:

    Qildilar bir-biriga dushmanlikni har vaqt beibo,

    Bir-birin aybin ochmoqqa kirishdilar bajo.

    Mazkur she’rda ayollar masalasiga ham befarq qaramagan Qodiriy qizlarni ta’riflab shunday deydi:

    Qizlarining bo‘ynida ko‘rib zebigardon ham tumor,

    O‘ylamangiz olima deb, jumlasi na’fsiz, ziyon.

    Farosat-u ilm bobida boshqalarga ibrat bo‘ladigan Kumush va Ra’noning “ma’naviy otasi” bo‘lmish Qodiriy zamona qizlaridan ham ilm-ma’rifat, aqlu tadbir kabi fazilatlarni kutgan bo‘lishi tabiiy holdir. Mana shunday zalolatga botgan xalqning marosimlari ham o‘ziga mos. “To‘y” she’ri ana shu haqda.

    Qildi bul vaqt bizda javlon to‘y,

    Aqchasi yo‘qni etdi hayron to‘y.

              Bir-biridan oshurdilar to‘yni,

              Topdi ravnaq g‘ayrat bila boyon to‘y.

    Besh kun o‘tmay to‘yning so‘ngidan,

    Ketibon mulklar boshqa fig‘on to‘y.

    To‘ydagi isrofgarchiliklar, dabdababozliklar bundan bir asr avval ham bo‘lgan ekan-da, deya hayron qolasan kishi. Sababi, faqat Qodiriyning she’rigina emas, yuqorida ta’kidlaganimiz, ya’ni Avloniyning “Advokatlik osonmi?” pyesasi qahramoni Egamberdi aravakash ham o‘z holiga qaramay to‘y qilib, uy-joyidan ajralib, ko‘chada qolganlardan edi. Shundan keyingi misralarda shoir bunday to‘y shariatda yo‘qligi, bu ishlar “kori ma’jus”, “kori shayton” ekanligini ta’kidlar ekan, yoz-u qishlarimiz shunday to‘ylar bilan o‘tadigan bo‘lsa, “Aylagay bizni yerga yakson to‘y”, deya xulosa chiqaradi.

    Ma’rifatparvarlarning bari amallari xalqning ko‘zini ochish, uni yorug‘ kunlarga chorlash edi. Shu ma’noda Qodiriyning “Millatimga bir qaror!” she’ri ham mana shunday da’vatnoma sifatida yangraydi:

    Kel, ey millat, bu kun maslahat birla qaror o‘lsun,

    Bu kundan o‘tkan ishlarg‘a pushaynon birla or o‘lsun.

    Qilaylik bu kun g‘ayrat hama birdan qilib himmat,

    Jaholat cho‘l-u sahrosig‘a, minba’d sabzazor bo‘lsun.

    Shuningdek, boylar ham taraqqiy ishiga kirishsinlar, deydi adib:

    Ayashmay kumush-oltunni hama boyonlar aslo,

    Solib dorilfununlar ham makotiblar hazor o‘lsun.

    Ochaylik jam’iyatlar, ko‘p yig‘aylik ham ionatlar,

    Ki, toki yetim va bechora bekasga mador o‘lsun.

    Yuqoridagi she’rlarning barchasi “Qodiriy” taxallusi bilan yozilgan. Ushbu she’rlarning aksariyatida muallif oddiy bayon usulini qo‘llaydi, badiiylik uncha ham yuqori emas. Lekin ularning 1913-1916-yillar oralig‘ida yozilganini hisobga olsak, yangi ijod maydoniga kirayotgan yosh uchun bu katta ish. Keyinchalik yozilgan nasriy asarlariga Qodiriy tomonidan kiritilgan she’rlarning mumtoz go‘zalligi o‘zgacha, albatta. Jumladan, “Mehrobdan chayon” romanidagi Anvar va Ra’no mubohasasi fikrimiz isbotidir:

    Agar Farhodning Shirin, bo‘lsa

    Majnunlarning Laylosi,

    Nasib o‘lmish menga gulshan aro

    gullarning Ra’nosi.

    (Mirzo Anvar)

    Agar or etsa Layli haqlidir

    Qаysning jununidin,

    Ne baxt, Ra’no, xaridoring talab

    ahlining – Mirzosi.

    (Ra’no)

    Ushbu samimiy va g‘ozal satrlar muallif iqtidorining kamolotidan yorqin dalildir. O‘zbekiston Republikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot instituti tomonidan 1995-yil adib tavalludining 100 yilligi munosabati bilan 6 jildlik “To‘la asarlar to‘plami” chop etildi. Adibning to‘ng‘ich o‘g‘li Habibulla Qodiriy, shuningdek, nabiralari Sherkon Qodiriy va Xondamir Qodiriylarning ma’naviy ko‘magida chop etilgan uchbu kulliyot quyidagicha tarkib topgan. :

     I jild - She’rlar. Hikoya va ocherklar. Hajviyalar.

     II jild - “Baxtsiz kuyov” dramasi. Publisistik va adabiy-tanqidiy maqolalar. Tarjimalar. Abdulla Qodiriyga nisbat berilgan asarlar.

    III jild - “O‘tkan kunlar”.

    IV jild - “Mehrobdan chayon”.

    V jild - “Obid ketmon” qissasi.

    VI jild - Ruscha-o‘zbekcha lug‘at.

    Umuman olganda, Qodiriy ijodi ko‘pchilikning nazdida faqat ikki roman bilangina cheklangandek. Aslida, yuqorida ko‘rganimizdek, uning lirikasi, hajviyoti, publisistikasi o‘z tadqiqini kutib turibdi. Bu ishda o‘quvchi-yoshlarning, adabiyot ixlosmandlarining sa’y etmoqlari lozimdir.

    Zero, adibning o‘z so‘zi bo‘yicha:

    Bukun man so‘zladim oz nutq siza, Qodir o‘lguncha,

    Ilohi, aylasun ta’sir, shu so‘z sizga bakor o‘lsun.

    Hidoyat Haydarova,

    NamPI qoshidagi To‘raqo‘rg‘on akademik litseyi ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi.